Joriy yilning 12-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda tadbirkorlik va savdoni rivojlantirishga mas’ul organlarning “Joriy yilda ajratilgan subsidiyalardan, shuningdek tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanilganlik holati to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Xususan, 329 ta tadbirkorlik subyektlarining xalqaro ko‘rgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etishi ajratilgan moliyaviy yordam natijasida bu korxonalar tomonidan 455,5 mln dollar miqdorida eksport amalga oshirildi. 110 ta tadbirkorlik subyektlariga xalqaro sertifikatlarini olish xarajatlarini qoplab berish uchun ajratilgan moliyaviy yordam hisobiga ushbu korxonalar tomonidan 728,2 mln dollar miqdorida eksport amalga oshirildi.

Shuningdek, 801 ta tadbirkorlik subyektlariga “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar ko‘rgazmasini tashkil etishda 69,3 mlrd so‘mlik moliyaviy yordam ajratildi. Eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sbyektlarini qo‘llab-quvvatlashga 403,3 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bugungi kunda bu mablag‘lar ularning xalqaro bozorlardagi faol ishtirokini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
