Markaziy Osiyo oʻz taraqqiyotining yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichiga qadam qoʻymoqda. Bugun biz chinakam birdamlik bosqichiga oʻtyapmiz. Bizning mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borishimiz uchun poydevor boʻlib xizmat qilayotgan oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda.
Bu —
oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolgan jarayon emas, balki umumiy taqdiri va
birgalikda taraqqiy etish salohiyatini anglab yetgan mamlakatlarimiz
yetakchilarining aniq maqsadga qaratilgan saʼy-harakatlari va siyosiy irodasi
natijasidir. Ayni paytda bu jarayon oʻzaro ishonch muhitida tobora qizgʻin tus
olayotgani Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlari tomonidan
qoʻllab-quvvatlanayotgan mintaqaviy hamkorlik keng koʻlamdagi zaruratga
aylanganidan dalolatdir.
Hamkorligimizni
mintaqaviy yaqinlashuvning yangi bosqichiga olib chiqish uchun davlatlarimiz
darajasida sharoit yaratilganini koʻrib turibmiz. Oldimizda erishilgan
kelishuvlarni fuqarolar va biznes uchun aniq natija va qulayliklarga
aylantirishdek strategik vazifa turibdi. Markaziy Osiyo qarorlar shunchaki
hujjat sifatida emas, balki mintaqa mamlakatlarida barqaror rivojlanishni
taʼminlash va odamlarning kundalik hayotini yaxshilash uchun qabul qilinadigan,
imkoniyatlardan birgalikda foydalaniladigan umumiy makonga aylanishi kerak.
Nisbatan
qisqa muddatda mintaqaviy hamkorlik va ishonchli muloqotning samarali
mexanizmiga aylangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat
uchrashuvlari mintaqamizda boʻlayotgan oʻzgarishlarning yorqin timsolidir.
Ushbu uchrashuvlar Markaziy Osiyoning bugungi taraqqiyoti va kelajagiga
daxldor strategik masalalar boʻyicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun
asosiy muloqot maydoni sifatida shakllandi.
Boʻlajak
Toshkent sammiti barqaror, oʻzaro bogʻliq va farovon Markaziy Osiyoni
birgalikda barpo etishda yangi muhim bosqichni boshlab beradi.
Davlat
rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvi biz boshlagan yoʻlning davomi sifatida
mamlakatlarimizning oʻzaro anglashuv va sheriklik ruhiga sodiqligini
tasdiqlashi, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda tub burilish yasashi
kerak.
Jahon
tartibotining keng koʻlamda transformatsiyaga uchrashi, global iqtisodiyotni
parchalashga qaratilgan xatarlar, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat va energetika
xavfsizligi bilan bogʻliq muammolarning keskinlashib borayotgani
saʼy-harakatlarimizni birlashtirish yoʻlidagi intilishimizni kuchaytirdi.
Bularning
barchasi Markaziy Osiyo davlatlaridan yanada jips va hamjihat boʻlib harakat
qilishni taqozo etadi. Aynan shuning uchun ham bugungi kunda hamkorligimizni
mustahkamlash shunchaki siyosiy maqsad emas, balki strategik zaruratdir.
Markaziy Osiyo barqarorlik va bunyodkorlik hududiga, mintaqaviy oʻzaro
bogʻliqlik barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun mustahkam poydevor boʻlib
xizmat qilayotganining namunasiga aylandi.
Maslahat
uchrashuvlari formati yoʻlga qoʻyilgan 2017-yil mintaqaviy hamkorlik tarixida
tub burilish yasadi. Mintaqa yetakchilari koʻp yillar mobaynida birinchi marta
tashqi vositachilarsiz tizimli va muntazam muloqotni boshladilar. Bu ishonchga,
ochiqlik va umumiy manfaatlarni anglashga asoslangan yangicha siyosiy
tafakkur ramziga aylandi. Aynan Maslahat uchrashuvlari doirasidagi muloqot
tufayli eski davrdan qolgan bir qator kelishmovchiliklarni bartaraf etish va
ishonchsizlikdan haqiqiy hamkorlikka oʻtishga erishildi.
Mintaqaviy
hamkorlik borasida boshlangan yangi bosqichning eng muhim yutuqlaridan biri —
chegara masalalari uzil-kesil hal etilganidir. Yaqin-yaqingacha imkonsiz
tuyulgan bu muammoning yechimi bugun real holatga, bir paytlar bizni ajratib
turgan chegaralar esa doʻstlik va hamkorlik koʻprigiga aylandi. 2025-yil mart
oyida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida uch davlatning
chegaralari tutashgan nuqta toʻgʻrisidagi Shartnoma va Xoʻjand
deklaratsiyasining imzolangani tarixiy ahamiyatga molik hodisadir. Buni haqli
ravishda olamshumul voqea deb atash mumkin.
Mintaqa
mamlakatlarining mustaqil rivojlanish tarixida ilk bor oʻzaro chegaralarning
barchasi huquqiy jihatdan rasmiylashtirildi, oʻnlab yillar davomida keskinlik
manbai boʻlib kelgan masalaga nuqta qoʻyildi.
Shu yil
oktyabr oyida boʻlib oʻtgan Fargʻona tinchlik forumi mamlakatlarimizning
Fargʻona vodiysida tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga boʻlgan oʻzaro
intilishining yaqqol amaliy tasdigʻi, Markaziy Osiyoda kechayotgan bunyodkorlik
jarayonlarining ifodasi boʻldi.
Ilgari
keskin kelishmovchilik va ziddiyatlarga sabab boʻlib kelgan suv-energetika
sohasida ham prinsipial ijobiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Oʻzbekiston,
Qozogʻiston va Qirgʻiziston oʻrtasida Qambarota GES-1 loyihasini birgalikda
amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitim mintaqaning suv-energetika resurslaridan
birgalikda foydalanish amaliyotida yangi sahifa ochgani qardoshlarcha
hamkorlikning yorqin dalilidir.
Toshkent va
Bishkek oʻrtasida Chashma bulogʻidan birgalikda foydalanish toʻgʻrisidagi
kelishuv oqilona murosaga misol boʻla oladi.
Oʻzbekiston
va Tojikiston ishtirokida Zarafshon daryosida Yovon va Fondaryo GESlarini
qurish boʻyicha hamkorlik oldinga siljimoqda, Oʻzbekiston, Tojikiston va
Qozogʻiston oʻrtasida Bahri Tojik suv omborini vegetatsiya davrida kelishilgan
tartibda ishlatish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Turkmaniston
bilan hukumatlararo bitim doirasida Amudaryo suv resurslaridan oqilona
foydalanish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu suv resurslarini birgalikda
boshqarishni yaxshilaydi hamda ekologik muammolar xavfini kamaytiradi.
Bularning
barchasi ishonch, oʻzaro manfaatdorlik va umumiy resurslarga adolatli
yondashuvga asoslangan yangi hamkorlik ruhini shakllantirmoqda. Bunday
loyihalar aholining iqtisodiy faolligini qoʻllab-quvvatlash va mintaqaning
energetik xavfsizligini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Shu bilan
birga, chegara tartib-taomillari va gumanitar aloqalar sohasida jiddiy
oʻzgarishlar roʻy bermoqda. 2023-yil sentyabr oyidan boshlab Oʻzbekiston va
Qirgʻiziston fuqarolari ID-kartalar asosida chegaradan oʻtayotgani odamlarning
erkin harakatlanish hududini shakllantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
Qozogʻiston va Tojikiston bilan ham shunday kelishuvlar ishlab chiqilmoqda.
Hududlar oʻrtasidagi aloqalar kengaymoqda, chegaraoldi savdo hajmi oshmoqda,
gumanitar va madaniy aloqalar mustahkamlanmoqda.
Hamkorlikni
institutsional jihatdan rasmiylashtirish boʻyicha qadamlar ham muhim
ahamiyatga ega. Bu borada 2023-yilda Dushanbe shahrida oʻtkazilgan beshinchi
Maslahat uchrashuvini qayd etish lozim.
Mazkur
uchrashuvda davlat rahbarlarining kelishuvlarini tayyorlash va amalga
oshirishning doimiy mexanizmi sifatida Milliy muvofiqlashtiruvchilar
kengashini taʼsis etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Ushbu mexanizmning
ishga tushirilishi Maslahat uchrashuvlari formatiga tizimli tus berish va
birgalikda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishda izchillikni
taʼminlash imkonini berdi. Shuningdek, parlamentlararo muloqot va Xavfsizlik
kengashlari kotiblari darajasida muntazam uchrashuvlar yoʻlga qoʻyilgan.
2022-yilda
boʻlib oʻtgan Choʻlponota uchrashuvi yakunlari boʻyicha suveren tenglik,
oʻzaro qoʻllab-quvvatlash va mintaqa kelajagi uchun birgalikdagi masʼuliyat
tamoyillarini mustahkamlagan XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish
maqsadlarida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi
shartnomaning imzolanishi shartnomaviy-huquqiy bazani yanada mustahkamlashga
xizmat qildi. 2025-yilda Tojikistonning bu hujjatga qoʻshilgani mintaqaviy
birdamlikni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. Biz ushbu qarorni
olqishlaymiz hamda yaqin istiqbolda Markaziy Osiyoda oʻzaro ishonch, yaxshi
qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhini uzil-kesil mustahkamlashga xizmat
qiladigan mazkur shartnoma mintaqaning barcha davlatlari tomonidan
imzolanishini kutib qolamiz.
2022-yilda
davlat rahbarlari tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarining koʻp tomonlama
formatlar doirasidagi hamkorligi konsepsiyasi ham tasdiqlandi. Unda mintaqa
mamlakatlari xalqaro platformalarda, jumladan, “Markaziy Osiyo plyus”
formatlarida oʻzaro muvofiq holda harakat qilishining yoʻnalishlari belgilab
olindi.
2024-yilda
Ostona sammitida qabul qilingan “Markaziy Osiyo — 2040” mintaqaviy
kooperatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi muhim dasturiy hujjat boʻldi. Unda
mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash va mamlakatlarimiz taraqqiyotiga qaratilgan
hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlari mustahkamlab qoʻyildi.
Shu tariqa
koʻp qirrali oʻzaro hamkorlik arxitekturasini barpo etar ekanmiz, rivojlanish
uchun ulkan manbalarni kashf etdik.
Davlatlarning
saʼy-harakatlari bilan mintaqada yangi iqtisodiy voqelik shakllanmoqda.
Soʻnggi sakkiz yil davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki
mahsuloti qariyb ikki yarim barobar oʻsib, 520 milliard dollarga, tashqi savdo
hajmi esa ikki karradan ziyod koʻpayib, 253 milliard dollarga yetdi. Shu bilan
birga, mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi 2-marta oshib,
qariyb 11 milliard dollarga, oʻzaro investitsiyalar esa 5,6 barobarga yetdi.
Birgina mamlakatimizni oladigan boʻlsak, Oʻzbekistonning mintaqa davlatlari
bilan tovar ayirboshlash hajmi 2016-yildagi 2,4 milliard dollardan 2024-yilda
7,2 milliard dollarga yetdi, qoʻshma korxonalar soni esa 1800 dan oshdi.
Sanoatda
Markaziy Osiyo barqaror ravishda yiliga 6 foiz atrofidagi oʻsishni namoyish
etmoqda, bu jahondagi oʻrtacha oʻsish surʼatidan ikki karra yuqori. Bunday
muvaffaqiyat ishlab chiqarish kooperatsiyasining yangi shakllarini yoʻlga
qoʻyish — qoʻshma investitsiya fondlarini (jumladan, Oʻzbekiston —
Qirgʻiziston, Oʻzbekiston — Tojikiston va Qozogʻiston — Qirgʻiziston) tashkil
etish, avtomobilsozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik sanoati, qishloq
xoʻjaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq. Mintaqa
mamlakatlari tomonidan tasdiqlangan 2025-2027-yillarda sanoat kooperatsiyasini
rivojlantirish boʻyicha Harakatlar rejasi hamkorlikning muhim vositasiga
aylanmoqda. Kichik va oʻrta biznesning oʻsishiga koʻmaklashadigan chegaraoldi
savdo zonalari va xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazlari faol rivojlanmoqda.
Gumanitar
sohada ham keyingi yillarda aloqalar mustahkamlanmoqda. Markaziy Osiyo
yetakchi ayollari muloqoti va Yoshlar platformasi taʼsis etildi, 2022-yildan
boshlab rektorlar va olimlar forumlari oʻtkazilmoqda, oʻzaro madaniyat
yillari, koʻrgazmalar, konsertlar va sport tadbirlari muntazam oʻtkazilmoqda.
Eng muhimi,
qardosh xalqlarimiz boʻlayotgan barcha ijobiy oʻzgarishlarni oʻz kundalik
hayotida his etmoqda. Yangi oʻtkazish punktlari ochilgani, aviaqatnovlar, temir
yoʻl va avtobuslar yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyilgani oʻzaro bordi- keldilarni bir
necha bor oshirish, madaniy- gumanitar aloqalarni kengaytirish imkonini berdi.
Mintaqa mamlakatlarining umumiy sayyohlik oqimida ichki mintaqaviy turizmning
ulushi 80 foizdan oshdi.
Yaqin-yaqingacha
orzu boʻlib tuyulgan erkin harakatlanish, oʻzaro hurmat, yaqinlik va ishonch
tuygʻusi bugun amaldagi haqiqatga aylanmoqda.
Asta-sekin
Markaziy Osiyoning yangi mintaqaviy oʻziga xosligi vujudga kelmoqda. Bu farqli
jihatlarimizni eʼtirof etish va ayni paytda xalqlarimizning umumiy tarixi,
mushtarak madaniyatini, taqdirlarimiz oʻzaro bogʻliq ekanini chuqur anglashga
asoslanadi. Qoʻshnichilik — xavf emas, imkoniyat, bir tarafning muvaffaqiyati —
barchaning yutugʻi degan yagona mintaqaviy makonga mansublik hissi
shakllanmoqda.
Mana
shunday ishonch, oʻzaro anglashuv va umumiy kelajak ruhi bugungi kunda
mintaqaviy jipslashuvni yanada mustahkamlash, yaʼni barqaror va oʻzaro
bogʻliq, farovon Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etish boʻyicha Markaziy
Osiyo jarayonini boshlash uchun eng muhim tayanch asosdir.
Taʼkidlash
joizki, Markaziy Osiyoning har bir davlati oʻz saʼy-harakatlarini
iqtisodiyotni rivojlantirish, ishonchni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni
kengaytirishga yoʻnaltirish orqali mintaqamiz barqarorligi va farovonligini
taʼminlashga sezilarli hissa qoʻshmoqda.
Qozogʻiston
transport yoʻlaklarini faol rivojlantirmoqda, chegara punktlarini
modernizatsiya qilmoqda, savdo toʻsiqlarini bartaraf etmoqda va
madaniy-gumanitar almashinuv boʻyicha loyihalarni amalga oshirmoqda.
Qirgʻiziston va Tojikiston muzliklarning erishi bilan bogʻliq masalalarda
izchil hamkorlik qilmoqda, energetika tizimlarini modernizatsiya qilish va
transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni
amalga oshirmoqda. Turkmaniston tinchlik va ishonchni mustahkamlash,
mintaqaning transport-tranzit salohiyatini oshirish, BMTning Orol havzasi va
iqlim texnologiyalari boʻyicha dasturini qabul qilishga doir muhim
tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Amaliy
harakatlarimiz, kelajak uchun masʼuliyatimiz, yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik
va oʻzaro manfaat tamoyillariga sodiqligimiz shuni isbotladi: Yangi Markaziy
Osiyo tinchlik, barqaror taraqqiyot va yaratuvchan sheriklik yoʻlini
tanlamoqda. Ramziy maʼnoda aytganda, biz devor emas, koʻprik barpo
etmoqdamiz.
Mintaqaviy
jipslashuv borasidagi yutuqlar tufayli bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqaro
munosabatlarning oʻz manfaatlari va taraqqiyot yoʻllarini aniq tasavvur
etadigan mustaqil va masʼuliyatli ishtirokchisi sifatida qaror topdi.
“Markaziy
Osiyo plyus” hamkorlik formatlari mintaqaning xalqaro huquqiy subyekt
sifatidagi mavqei kuchayib borayotganining ifodasi hamda barqarorlik va
taraqqiyotning muhim markazi sifatidagi rolining eʼtirofi boʻldi.
Ilgari
tashqi hamkorlar aloqalarni asosan ikki tomonlama asosda qurgan boʻlsa,
bugungi kunda dunyoning yetakchi davlat va birlashmalari Markaziy Osiyo bilan
munosabatlarni yaxlit mintaqaviy sherik sifatida rivojlantirmoqda.
Bu
mintaqaning boshqa hamkorlar bilan munosabatlarini yangi bosqichga olib
chiqadi: Markaziy Osiyo tashqi hamkorlar bilan xalqaro munosabatlarning yagona
subyekti sifatida muloqot qilsa, uning ovozi balandroq va ishonchliroq
yangraydi, pozitsiyamiz kuchliroq boʻladi, investitsiyalarni jalb etish, boshqa
mamlakatlar bilan barcha yoʻnalishlarda hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha
vazifalarni yanada samarali hal qila olamiz.
Dunyoga
ochiqligimiz, niyatlarimizning shaffofligi va muloqotga moyilligimiz xalqaro
maydonda Markaziy Osiyoni yangicha qabul qilish uchun asos boʻldi.
Ayni paytda
Markaziy Osiyoni dunyoning yetakchi davlatlari va birlashmalari bilan bogʻlaydigan
oʻndan ortiq “Markaziy Osiyo plyus” formatlari faoliyat koʻrsatmoqda. Joriy
yilning oʻzida “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo — Xitoy”,
“Markaziy Osiyo — Rossiya” va “Markaziy Osiyo — AQSH” sammitlari boʻlib
oʻtgani mintaqaning global siyosatdagi shiddati va strategik ahamiyati ortib
borayotganini tasdiqlaydi.
Yangidan-yangi
“Markaziy Osiyo plyus” muloqotlari davlat rahbarlari darajasiga
koʻtarilayotgani ularning amaliy ahamiyati va siyosiy qimmati ortib
borayotganidan dalolat beradi. Bir qator formatlarda esa energetika, transport,
“yashil iqtisodiyot” va raqamlashtirish sohalarida aniq loyihalarni ishlab
chiqish uchun ishchi guruh va kotibiyatlar tashkil etilmoqda.
Afgʻoniston
bilan bogʻliq masalalarni hal etmasdan turib, mintaqaviy barqarorlikni
mustahkamlab boʻlmaydi. Bu mamlakat umumiy mintaqamizning bir chekkasida
emas, balki uning tabiiy bir qismidir. Butun Markaziy Osiyoda tinchlik va
barqarorlikning mustahkam boʻlishi koʻp jihatdan Afgʻonistonning tiklanishi va
rivojlanishiga bogʻliq.
Afgʻonistonning
jafokash xalqi chuqur gumanitar inqiroz sharoitida yashashda davom etmoqda. Shu
munosabat bilan mintaqa mamlakatlari Afgʻonistonni mintaqaviy va xalqaro
jarayonlarga izchil jalb etish zarurligidan kelib chiqmoqda. Bu esa ushbu
mamlakat taraqqiyoti va keng mintaqamizda barqarorlikni mustahkamlashga xizmat
qiladi.
Markaziy va
Janubiy Osiyoni bogʻlaydigan Transafgʻon temir yoʻlini barpo etish muhim
ahamiyatga ega. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi savdo, investitsiyalar va
transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi,
shuningdek, Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishi uchun asos boʻlib xizmat
qiladi.
Shu bilan
birga, afgʻon xalqiga gumanitar va taʼlim borasida yordam koʻrsatish,
energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyotning muhim
tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash ishlari davom etmoqda.
Afgʻoniston
umumiy tinchlik va xavfsizlik, hamkorlik va taraqqiyot makonining bir qismiga
aylanishi lozim. Bu mintaqaning barcha mamlakatlari manfaatlariga javob
beradi hamda Markaziy Osiyoning janubiy sarhadlarida barqarorlik belbogʻini
shakllantirishga xizmat qiladi.
Yuqorida
aytib oʻtilganidek, bugungi kunda Markaziy Osiyo oʻz jadal taraqqiyotining
yangi bosqichiga qadam qoʻymoqda. Biz ikki tomonlama masalalarni hal etishdan
iqlim oʻzgarishi, energetika sohasidagi oʻtish, suv va oziq-ovqat
xavfsizligini taʼminlash, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish kabi asosiy
mintaqaviy tahdidlarga birgalikda yechim topish sari bormoqdamiz.
Mamlakatlarimiz oldida umumiy masʼuliyat, oʻzaro ishonch va kelajagimiz
haqidagi yakdil tasavvurga asoslangan hamkorlikning yangi ufqlari ochilmoqda.
Shu
munosabat bilan Markaziy Osiyo yaqin oʻn yilliklarda qanday rivojlanadi degan
prinsipial savolga birgalikda javob berishimiz zarur.
Markaziy
Osiyo aholisi 80 millionlik marradan oʻtib boʻldi, BMT prognozlariga koʻra,
2050-yilga borib, bu koʻrsatkich 100 milliondan oshadi. Shuningdek, Markaziy
Osiyo dunyoning eng yosh mintaqalaridan biri boʻlib, aholisining oʻrtacha
yoshi atigi 29 yoshni tashkil etmoqda.
Oldimizda
ushbu demografik resursni taraqqiyot va innovatsiyaning qudratli omiliga
aylantirish, yoshlarimizning isteʼdodi va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish
uchun sharoit yaratish vazifasi turibdi.
Ayni paytda
mamlakatlarimizning oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish suverenitet, teng
huquqlilik va ichki ishlarga aralashmaslik borasidagi mustahkam poydevor
asosida amalga oshirilishi lozim degan vazmin yondashuvini qayd etish
muhimdir. Hech kim mintaqa mamlakatlariga begona modellarni tiqishtirmasligi
yoki milliy tuzilmalardan ustun turadigan tuzilmalarni yaratmasligi lozim.
Markaziy
Osiyodagi hamkorlik ixtiyoriy, pragmatik va mamlakatlarimiz xalqlariga foyda
keltiradigan real natijalarga yoʻnaltirilgan boʻlib qolishi kerak.
Hozirgi
bosqichda oldimizda oʻta muhim masalalar turibdi, mintaqamizning barqarorligi
va rivojlanish surʼatlari ularning hal etilishiga bogʻliq.
Birinchidan,
mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishni davom ettirish — mavjud
mexanizmlarni mustahkamlab, ularga barqaror tus va amaliy maʼno-mazmun
bagʻishlash zarur. Oxir-oqibatda samarali mintaqaviy institutlarsiz
hamkorlikni tizimli rivojlantirish va qabul qilinayotgan qoʻshma qarorlarni
sifatli amalga oshirishni taʼminlab boʻlmaydi.
Ikkinchidan,
xavfsizlik sohasidagi maqsadimiz — tahdid va xatarlarga qarshi kurashish
boʻyicha umumiy salohiyatni shakllantirishdan iborat. Xavfsizlik kengashlari
kotiblari, maxsus xizmatlar, mudofaa va huquqni muhofaza qilish idoralari
rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini davom ettirish lozim. “Xavfsizlikning
boʻlinmasligi” prinsipi asos boʻlib qolishi kerak. Ayni paytda mintaqaviy
hamkorlik amaldagi xalqaro mexanizmlar bilan uzviy bogʻliq boʻlishi,
barqarorlikni mustahkamlash hamda mamlakatlar va umuman, mintaqa
xavfsizligiga nisbatan tahdidlarning keng doirasiga qarshi turish boʻyicha
oʻz salohiyatini shakllantirishi lozim.
Uchinchidan,
iqtisodiy sohada ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish, chegaralardan oʻtish
tartib-taomillarini soddalashtirish va oʻzaro investitsiyalar uchun qulay
sharoitlar yaratish muhimdir. Sanoat kooperatsiyasini faollashtirish,
mintaqaviy va hududlararo yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish,
chegaraoldi savdo zonalarini rivojlantirish, transport va iqtisodiy yoʻlaklar
tarmogʻini kengaytirish, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi va raqamli
iqtisodiyot sohalarida qoʻshma loyihalarni ilgari surish zarur.
Hamkorlikning
ekologik jihatiga — iqlim oʻzgarishlariga moslashish, transchegaraviy suv
resurslari va biologik xilma-xillikni asrash, “yashil” energetika va kam
uglerodli texnologiyalarga oʻtish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarga
alohida eʼtibor qaratishimiz lozim.
Markaziy
Osiyo barqaror ekologik rivojlanish mintaqasi va atrof-muhitga masʼuliyatli
munosabatning namunasi boʻlishga qodir va shunday boʻlishi kerak.
Toʻrtinchidan,
gumanitar hamkorlik ustuvor yoʻnalish boʻlib qolmoqda. Inson kapitalini
rivojlantirish, taʼlim, ilm-fan va madaniy aloqalarni mustahkamlash markaziy
vazifadir. Umumiy axborot makonini yaratish, taʼlim, sogʻliqni saqlash
sifatini oshirish, umuman, ijtimoiy sohani, jumladan, turizmni va yoshlarga oid
qoʻshma dasturlarni rivojlantirish — bularning barchasi xalqlar oʻrtasidagi
oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga bevosita xizmat qiladi. Umumiy qadriyatlar,
madaniy yaqinlik va farovonlikka birgalikda intilishga asoslangan mintaqaviy
oʻziga xoslikni shakllantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Beshinchidan,
Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi siyosatda kelishilgan yondashuvlarini
ishlab chiqish muhim yoʻnalish hisoblanadi.
Geosiyosiy
beqarorlik tobora ortib borayotgan va jahon kuch markazlari oʻrtasida raqobat
kuchaygan sharoitda mintaqa davlatlarining xalqaro maydondagi pozitsiyalarini
muvofiqlashtirish barqarorlik va umumiy manfaatlarni himoya qilishning muhim
omiliga aylanmoqda. Shu nuqtayi nazardan asosiy hamkorlar bilan pragmatik
aloqalarni yoʻlga qoʻyishda oʻz samaradorligini isbotlagan “Markaziy Osiyo
plyus” formatlarini yanada rivojlantirish zarur.
Hozirgi
bosqichda “Markaziy Osiyo plyus” formatlari va boshqa xalqaro muloqot maydonlarida
mintaqaviy muvofiqlashuvni rivojlantirish, tashqi sheriklar bilan hamkorlik
masalalari boʻyicha kelishilgan ustuvor yoʻnalishlar va pozitsiyalarni ishlab
chiqish strategik vazifaga aylanmoqda. Faqat shu yoʻl bilangina jahonning
yetakchi mamlakatlari va birlashmalari bilan hamkorligimizni davlatlarimiz va
butun mintaqaning iqtisodiy hamda texnologik taraqqiyotiga, barqarorligiga
xizmat qiladigan aniq loyihalar asosida boyitishimiz mumkin.
Oʻzbekiston
uchun mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish taktik tanlov emas, balki Markaziy
Osiyo kelajagi uchun umumiy masʼuliyatni anglashdan kelib chiqadigan ongli
strategik qarordir.
Ishonchimiz komilki, global noaniqlik davrida yaxshi
qoʻshnichilik, hamjihatlik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash — Markaziy Osiyoning
asosiy resursidir. Mintaqa mamlakatlari yakka holda hal qilishi qiyin boʻlgan
umumiy xavfsizlik muammolari va rivojlanish vazifalari birgalikdagi
saʼy-harakatlar bilan muvaffaqiyatli hal qilinishi mumkin. Ishonch va
sheriklikni mustahkamlash oʻz kelajagini umumiy qadrdon diyorimiz — Markaziy
Osiyoning tinchligi, barqarorligi va taraqqiyoti bilan bogʻlagan millionlab
odamlarning manfaatlariga javob beradi.
Bugun biz kuchli, barqaror va farovon mintaqa — Yangi
Markaziy Osiyoning mustahkam poydevorini yaratmoqdamiz.
Mintaqamizda
kechayotgan jarayonlar — bu ongli va ortga qaytmas tanlov. Ushbu yoʻl bizdan
nafaqat birgalikdagi saʼy-harakatlarni, balki umumiy kelajagimiz uchun
masʼuliyatni oʻz zimmamizga olishga tayyor boʻlishimizni ham talab qiladi.
Kuch va
imkoniyatlarimizni birlashtirib, umumiy vazifalarni hal etmoqdamiz,
shuningdek, xalqaro hamjamiyatga tinch va bunyodkor hamkorlikning vaqt va hayot
sinovidan oʻtgan — ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro
qoʻllab-quvvatlashga asoslangan oʻz modelimizni taklif etmoqdamiz. Va bugun
Markaziy Osiyoni keng mintaqamizda yashayotgan barcha millat va xalqlar uchun
yagona tinchlik, farovonlik va taraqqiyot makoniga aylantiradigan ushbu
tarixiy surʼatni saqlab qolishimiz har qachongidan ham muhimdir.
Shavkat MIRZIYOYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti